Mudofaa vazirligi avtoraqamlarni o‘zgartirmoqda

Yangi avtomobil raqamining avvalgisidan farqi - u oq fonda va to‘rtta raqam ketma-ketligidan iborat bo‘ladi
Sputnik

TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Mudofaa vazirligi markaziy apparatiga qarashli xizmat mashinalariga yangi turdagi avtomobil raqamlarini o‘rnatish boshlandi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati vakili.

O‘tgan haftada onlayn auksion orqali 50 ta chiroyli avtomobil raqamlari sotildi
Ushbu raqamlar Ichki ishlar vazirligi YHXBga qarashli "O‘zavtomotobelgi" DUK bilan kelishgan holda joriy etilmoqda.

Yangi avtomobil raqamining avvalgisidan farqi — u endilikda oq fonda va to‘rtta raqam ketma-ketligidan iborat bo‘ladi.

Masalan, "01 0047 MV" avtomobil raqamidagi 01 — Toshkent shahri hududiga tegishli ekanligini, 0047 — tartib raqamini, MV —mudofaa vazirligi Markaziy apparatining xizmat avtomobili ekanligini bildiradi.

2018-2019-yillar davomida Mudofaa vazirligi qo‘shinlariga qarashli barcha turdagi harbiy avtotransport vositalariga to‘rtta raqamlar ketma-ketligidan iborat qora fondagi avtomobil raqamlari o‘rnatiladi.