Shavkat Mirziyoyev davlat soliq xizmatining yettita muammosini sanab o‘tdi

Davlat soliq xizmati organlarining deyarli barcha bo‘g‘inlarida xodimlar korrupsiyalashuviga olib kelayotgan sezilarli shart-sharoitlarning mavjud – deyilgan prezident qarorida.
Sputnik

TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatidagi muammolarni sanab o‘tdi

Ushbu qarorda soliq xizmati organlari faoliyatida mavjud bo‘lgan muammolar sanab o‘tilgan.

Soliq nazoratining eskirgan uslub va prinsiplariga asoslangan davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tashkil etish mazkur organlar oldiga qo‘yilgan yangi vazifalarni hal qilish, jumladan, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliqlar yig‘iluvchanligining oshirilishini ta’minlash imkonini bermaydi, o‘z yechimini topmagan sezilarli muammolarning mavjudligi ushbu holatni yanada og‘irlashtirmoqda, xususan:

1) Soliq solishning qo‘shimcha manbalarini izlamasdan soliq hisoboti bilan cheklanib qolgan, asosan prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan soliq ma’muriyatchiligining past darajasi;

2) Soliq ma’muriyatchiligida korrupsiyaviy muhitni shakllantirayotgan, davlat soliq xizmati organlarining deyarli barcha bo‘g‘inlarida xodimlar korrupsiyalashuviga olib kelayotgan sezilarli shart-sharoitlarning mavjudligi;

3) Soliq ma’muriyatchiligini to‘liq amalga oshirish, soliq solinadigan qo‘shimcha bazani aniqlash, iqtisodiyotda xufiyona aylanmalar darajasini qisqartirishga imkon bermaydigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanmaslik;

4) Kameral nazoratni, jumladan, soliq imtiyozlari va preferensiyalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan kameral nazoratni amalga oshirish uchun tashqi manbalarni yig‘ishni ta’minlaydigan ta’sirchan dasturiy mahsulotlarning mavjud emasligi;

5) Soliqlar to‘lashdan bo‘yin tovlashning turli sxemalari yaratilishiga olib kelayotgan, savdo, umumiy ovqatlanish korxonalari, bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha berilgan vakolatlardan samarasiz foydalanilishi;

6) Maqsadli tekshiruvlar tashkil etish uchun soliqlarni to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlayotgan shaxslarni, shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlashning aniq mezonlari mavjud emasligi;

7) Mavjud resurslardan davlat soliq xizmati organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun yetarlicha foydalanilmayotganligi va intizomiy javobgarlikka tortish darajasi haddan tashqari yuqoriligi umuman soliq tizimining samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.