Xalq ta’limi vazirligidagi boshqarma rahbarlari ishdan bo‘shatilmadi - vazirlik

Xalq ta’limi vazirligi vakili Sputnik muxbiri bilan suhbatda vazirlik tuzilmasi o‘zgarayotganini, barcha gap-so‘zlar shu bois tarqalib ketganini aytdi
Sputnik

TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasi o‘zgarayapti, dedi Sputnik muxbiriga Xalq ta’limi vazirligi kadrlar bo‘limi vakili.

Xalq ta’limi vaziri xalqdan 3 kunda uch mingta taklif kelganini aytdi
Ilgariroq OAVlarda Xalq ta’limi vazirligining barcha boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishdan bo‘shatilgani haqida xabar tarqalgan edi.

Xalq ta’limi vazirligi kadrlar bo‘limi xodimi ushbu xabarlarni rad etdi.

"Yo‘q, hech kim ishdan bo‘shatilgani yo‘q. Shunchaki struktura o‘zgarayapti. Struktura o‘zgarib bo‘lgach, barcha ariza yozganlar qaytadan ishga qabul qilinadi", — dedi suhbatdosh.

Bugun, 26-iyun kuni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida brifing o‘tkaziladi.

Brifingda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan topshiriq va mamlakat aholisining takliflari asosida kelgusida sohada olib borilishi rejalashtirilayotgan ishlar haqida ma’lumot beriladi.

Tadbirda Sputnik muxbiri ham ishtirok etishni rejalashtirgan. Brifing tafsilotlari haqida kechroq ma’lumot beramiz.