Sobiq hakam: Ravshan Ermatov o‘yinni yaxshi boshqardi

Kecha mashhur o‘zbek hakami Ravshan Ermatov Argentina - Xorvatiya bahsini boshqardi
Sputnik

TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. O‘zbekistonlik sobiq hakam Xolmat Mirzaahmedov championat.asia saytiga bergan intervyusida mashhur o‘zbek hakami Ravshan Ermatov kecha bo‘lib o‘tgan Argentina — Xorvatiya bahsini qanday boshqargani haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Ermatov va uning brigadasiga katta rahmat. Hakamlarimiz o‘yinni yaxshi boshqarishdi. Eng muhimi, qo‘pol xatolar kuzatilmadi. Faqat bir vaziyatda Ermatov xorvatlar futbolchisi Rakitichning oyog‘ini raqib o‘yinchisi bosganini ko‘ra olmay qoldi. Menimcha, o‘sha vaziyatda Ravshan o‘yin dinamikasida edi. Lekin qolgan holatlar bo‘yicha umuman e’tiroz yo‘q",-dedi u.

Ravshan Ermatov Argentina-Xorvatiya bahsida bironta xato qilmadi

Uning aytishicha, jahon chempionati o‘yinlarida hakamlar birdaniga sariq kartochka ko‘rsatishmayapti.

"Ular oldin futbolchilar bilan muloqotda bo‘lishapti. Menimcha, FIFA tomonidan shunday ko‘rsatma berilgan bo‘lsa kerak. Chunki "sariq" berish oson, lekin uni qaytarib olish qiyin. Shu bois Ravshan Ermatov ham darrov kartochka ko‘rsatmasdan oldin o‘yinchilar bilan gaplashishga va tushuntirish ishlari olib borishga harakat qildi",-deydi Mirzaahmedov.

Xolmat Mirzaahmedov o‘yin juda og‘ir kechgani va bosim yuqori bo‘lganini aytdi.

"Ermatov barcha sariq kartochkalarni vaqtida va to‘g‘ri berdi. Agar shu orqali o‘yinchilarni tinchlantirmaganida balki bahs oxirlariga kelib janjal chiqishi mumkin edi. Ermatov esa buni vaqtida payqay oldi va har ikki jamoa a’zolarini o‘z paytida sovutishga ulgurdi", deya fikr bildirdi sobiq hakam.

Eslatib o‘tamiz, kecha bo‘lib o‘tgan Argentina-Xorvatiya uchrashuvida xorvatiyaliklar raqib darvozasiga javobsiz uchta to‘p kiritishdi.