O‘zbekistonliklarga "Spark" va skuter yutib olish imkoniyati taqdim etildi

Tanlovda qatnashishga jismoniy va yuridik shaxslardan ariza va loyiha-takliflar 10-iyuliga qadar cheklovsiz qabul qilinadi.
Sputnik

TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev o‘zining Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida fuqarolar uchun tanlov e’lon qildi.

Samarqandning rus arxitekturasi joylashgan qismidagi qurilish ishlari to‘xtatildi
Tanlov viloyat hokimligi va viloyat prokuraturasi tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lib, landshaft arxitekturasi va dizayni, kichik me’moriy shakllar va badiiy monumental san’at nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Tanlov ishtirokchilari Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan zamonaviy "Afrosiyob" tezurar poyezdining Bulung‘ur, Jomboy tumanlari va Samarqand shahri hududidan kesib o‘tuvchi temir yo‘l atrofidagi ochiq maydonlar, aholi punktlaridagi mavjud uy-joylar, yordamchi xo‘jalik binolari va boshqa obyektlarni, shuningdek, Samarqand shahridagi bino va inshootlar, bo‘sh turgan maydonchalar, ko‘chalar, istirohat bog‘larini yanada ko‘rkamlashtirib, badiiy-estetik me’moriy majmualar yaratishlari kerak bo‘ladi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblari uchun quyidagi mukofotlar joriy etilgan:

1-o‘rin uchun "Spark" avtomashinasi;

2-o‘rinlar uchun 2 ta "Skuter";

3-o‘rinlar uchun 3 ta televizor.

Tanlovda qatnashishga jismoniy va yuridik shaxslardan ariza va loyiha-takliflar 10-iyuliga qadar cheklovsiz qabul qilinadi. 

Loyiha-takliflar taqdimoti va ularni baholash tanlov hay’ati tomonidan 10-15 iyul kunlari o‘tkaziladi.

Tanlovda qatnashishga talabnoma berish, tanlov shartlari bilan tanishish va boshqa ma’lumotlarni olish uchun Samarqand shahar hokimligiga murojaat qilish so‘ralgan.