TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Samarqand xalqaro aeroportida qiymati o‘ttiz million so‘mga yaqin bo‘lgan tovarlarni yashirib olib o‘tishga uringan fuqaro qo‘lga olindi, deb xabar berdi O‘zbekiston IIV O‘zAga tayangan holda.
Ta’kidlanishicha, "Domodedovo-Samarqand" yo‘nalishidagi aviareysi bilan Samarqand xalqaro aeroportiga uchib kelgan O‘zbekiston fuqarosi O.Sh.dan u "yashil" yo‘lak orqali bojxona nazorati zonasidan o‘tish vaqtida mamlakatga olib kirilishi meyorlaridan ortiqcha tovarlar, taqiqlangan audio va video yozuvlar bor-yo‘qligi so‘ralgan.
Fuqaro bunday tovarlar yo‘qligini aytganidan so‘ng unga tegishli bo‘lgan bagaj sumkasi xolislar ishtirokida tekshirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro "yashil" yo‘lakdan 29 million 829 ming so‘mlik 12 turdagi tibbiyot sohasida foydalaniladigan tovarlar va iPhone 5S uyali telefon apparatini yashirin olib o‘tayotgan ekan.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, fuqaroga nisbatan tegishli chora qo‘llanilib, huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan tibbiy tovarlar tegishli tartibda yo‘q qilindi va iPhone 5S uyali telefoni davlat foydasiga musodara qilindi.