Kriminal avtoritet Abbosxon Xodjayev ikki yilga qamaldi

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati 2017-yil 13-sentabrda Abbosxon Xodjayevning qo‘lga olinganini xabar qilgandi.
Sputnik

TOShKENT, 20-iyun – Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida Toshkent “nazoratchisi” bo‘lishga da’vogar Abbosxon Xodjayev hamda Mahmud Qurbonovga nisbatan sud jarayoni yakuniga yetdi, deb xabar berdi Podrobno.uz Oliy sudga tayanib.

Mazkur jinoyat ishi sudya M.Obidov raisligida, xalq maslahatchilari M.To‘ychiyeva va B.Nazarova ishtirokida ko‘rib chiqildi.

OAV Toshkent "nazoratchisi"ning qo‘lga olingani haqida bong urmoqda

"Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘lig‘icha o‘rganib chiqib, sudlanuvchilar Xodjayev va Qurbonovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandida (tovlamachilik) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topdi", – deb xabar qilgan Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov.

Sud Xodjayevni 165-modda 2-qismi “a”, “v” qismlari, 273-modda 5-qismi (Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bo‘yicha aybsiz deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra Abbosxon Xodjayev ikki yil va Mahmud Qurbonov bir yilu 6 oy qat’iy rejimdagi koloniyada jazo o‘taydigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar IIBB axborot xizmati 2017-yil 13-sentabrda Abbosxon Xodjayevning qo‘lga olinganini xabar qilgandi.