Rossiya TIV vakili: “Bizga yana hujum qilishni xayolingizga ham keltirmang”

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb Rossiyaga “tikanli sim bilan o‘rab olish” orqali javob qaytargan.
Sputnik

TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. Sovuq urush tugaganidan so‘ng Rossiya g‘arb mamlakatlariga to‘laligicha ochildi, ammo uni aldashdi, dedi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Finlyandiyaning Hufvudstadsbladet nashriga bergan intervyusida.

"Bizning ustimizdan g‘alaba qozonishgani uchun emas, o‘zimiz ochgandik. Bizga hech kim bostirib kirmadi, shunchaki Gorbachev qurollanish poygasiga chek qo‘yishni istagandi. U sovuq urushni tugatishni istagandi", — dedi diplomat.

Moskva NATOni jiddiy ogohlantirdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb Rossiyaga “tikanli sim bilan o‘rab olish” orqali javob qaytargan.

"Biz bir-birimizning mamlakatlarimizga erkin borib kelishni, viza cheklovlaridan qutulishni istaymiz. Ammo bizga doim rad javobini berib kelishadi!" — dedi Zaxarova.

Bundan tashqari, u Rossiya nima uchun o‘z qurollarini boshqa davlatlarga namoyish etayotganini izohladi.

"Endi hammaga ko‘rsatamiz: "Bizga yana hujum qilishni hattoki xayolingizga ham keltirmang". Ikkinchi jahon urushida 20 million kishidan ajralganimizdan so‘ng bu yana takrorlanmasligi uchun buni barchaga namoyish etishga haqqimiz bor. Keyingi yigirma yil davomida bizni har tarafdan qurshab olishga urinishmoqda", — deya e’tiroz bildirdi Zaxarova.

Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar Ukraina va Qrim atrofidagi vaziyat sababli yomonlashgandi. G‘arb Moskvani Kiyevning ishlariga aralashishda ayblab unga qarshi sanksiyalar kiritgan, Rossiya bunga nisbatan javob choralarini qabul qilgandi.