Jahongir Ortiqxo‘jayev Sergeli mashina bozori ko‘chiriladigan joyni ma’lum qildi

Toshkent Botanika bog‘ida o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan elchilar, elchixonalarning savdo masalalari bo‘yicha maslahatchilari va biznes soha vakillari ishtirok etishdi.
Sputnik

TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. Joriy yil 18-iyun kuni Toshkentdagi Botanika bog‘ida o‘tkazilgan "Top-500" anjumani doirasida shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev Sergeli avtomobil bozori ko‘chirilishi mumkin bo‘lgan hududni ma’lum qildi.

O‘zbekistonning bosh hokimi kim u: Artikxodjayev o‘zi haqida gapirdi

"Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev so‘zga chiqib, tadbirga yig‘ilgan tadbirkorlar diqqatiga kelgusidagi rejalarni birgalikda amalga oshirishni, ya’ni poytaxtimizdagi yirik bozorlarni shahar tashqarisida barpo etish bo‘yicha takliflar bildirdi. Jumladan: Avtomobil bozorini — Chinoz tumaniga, "O‘rikzor" va "Bekto‘pi" bozorlari, shuningdek barcha ulgurji bozorlarni shahar tashqarida zamonaviy ko‘rinishda bunyod etish bo‘yicha hamkorlik takliflarini o‘rtaga tashladi. Shuningdek, yaqin kelajakda Toshkent shahri O‘rta Osiyoda yagona shaharga aylanishi, bu shaharda hamma shart-sharoitlar rivojlangan davlatlarnikidek bo‘lishligini aytdi", — deyilgan Toshkent shahar axborot xizmati xabarida.

Tadbirda, shuningdek, xalqaro kompaniyalar, davlat tuzilmalari, diplomatik korpus vakillari, OAV xodimlari,jurnalistlar, blogerlarlar ham qatnashishdi.

Eslatib o‘tamiz, 13-iyun kuni Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasida Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Toshkent shahrining 11 ta tuman hokimlari bilan jonli muloqot tashkil etilgandi.

Unda Ortiqxo‘jayev ulgurji bozorlarni shahar ichidan chetga olib chiqilishi haqida ham so‘z ochdi.

"Dunyoning hech bir joyida yo‘q-ki, ulgurji bozor bilan savdo rastalari bir joyda bo‘lsa", dedi Ortixo‘jayev va bunday nomutanosiblikka barham berishini ma’lum qildi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, ulgurji bozorlar kelajakda shahardan 80 km chetroqqa ko‘chirilishi mumkin.