Mirziyoyev va Erdog‘an o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishni muhokama qildilar

Tomonlar oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar yaxshi an’anaga aylanib borayotganini, ikki mamlakat o‘rtasida abadiy do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari kun sayin mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.
Sputnik

TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Bugun, 16-iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon dunyosi uchun shodlik va shukronalik, xayr-saxovat ayyomi bo‘lgan qutlug‘ Ramazon hayiti munosabati bilan o‘zaro tabrik almashdilar.

Turkiya O‘zbekistonga pensiya tizimini isloh qilishga yordam beradi

"Turkiya prezidenti ushbu muborak kunlarda Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga tamal toshi qo‘yilganini yuqori baholadi va ushbu markaz ma’rifiy islomni rivojlantirish hamda buyuk ajdodlarimizning boy merosini dunyo hamjamiyatiga yetkazishga xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdi", — deyiladi xabarda.

Tomonlar oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar yaxshi an’anaga aylanib borayotganini, ikki mamlakat o‘rtasida abadiy do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari kun sayin mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

Muloqot davomida ikki davlat rahbarlari savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, turizm, infratuzilma va boshqa muhim sohalardagi hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

Shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Suhbat so‘ngida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, qardoshlik va bir-biriga hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlarni hamda qo‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.