TOShKENT, 14-iyun — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev tez kunlarda fuqarolar uchun qabul kunlarini belgilashga va’da berdi.
"Hokimlikka saylanganimdan keyin, to‘g‘risini aytaman, mahallama-mahalla yurishga to‘g‘ri keldi — xalqni, mahallalardagi insonlarni qanaqa yashashini, joyida muammo qandayligini bilish uchun. Fuqarolarni xonamda, muzdekkina konditsionerni yoqib qo‘yib, o‘tirib qabul qilishim ham mumkin, muammolarni yechib-yechmay ko‘zbo‘yamachilik qilib, lekin men xalq aslida qanday yashayapti bilishni xohlayman. Shuning uchun ular mening yonimga emas, men ularni yoniga borishni xohladim", — dedi Artikxodjayev.
Hokim shu kunlarda "Obod mahalla" dasturi bilan shug‘ullanayotgani, shu ishlarni joy-joyiga qo‘ygach, albatta xalqni qabul qilishini aytib o‘tdi.
XPK raisi Qudratxodjayevning "Shu kunlarda Toshkent hokimligining eshiklari orqa tomondan emas, old tomondan ochilibdi, bu degani fuqarolar uchun ham ochilganda endi?", degan savoliga javoban Artikxodjayev bu "an’ana" kecha emas, balki 20-yil davomida shakllanganligini, ammo endi hokimiyat va xalq o‘rtasida to‘siqlar bo‘lmasligini ta’kidladi.
"Oldin aka-uka, qo‘ni-qo‘shnilarning uylarida devor ham bo‘lmasdi. Hozir endi devor bor, bir-birini to‘sgan… Hokimiyat va boshqa idoralarni oldidagi panjaralarning yopiq bo‘lishiga yillar sabab bo‘lgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosatlari esa mana shu devorlarni olib tashlashga qaratilgan. Asosiy siyosatlari xalq bilan hokimiyat bir bo‘lishida. Shuning uchun biz sekin-asta bu devorlarni ochib tashlaymiz, niyatimiz xalq bilan birga bo‘lish", — deb gapini yakunladi Toshkent rahbari.