TOShKENT, 14-iyun — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev 13-iyun kuni bo‘lib o‘tgan XPK sessiyasida Toshkent City loyihasi haqida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston poytaxti qoq markazida qad rostlanadigan zamonaviy xalqaro ishbilarmonlik markazi "Moskva-Siti"dan qanday jihatlari bilan farqlanishi xususida ham to‘xtalib o‘tdi.
Hokim shuningdek, Toshkent City nafaqat O‘zbekistonda balki Markaziy Osiyodagi eng ulkan loyihalardan biri bo‘lishini qayd etdi.
Toshkentdagi "O‘qchi" va "Olmazor" mahallalari joylashgan hudud o‘rnida bunyod etilayotgan Toshkent City xalqaro ishbilarmonlik markazini timsoli yo‘q ulkan loyihalar qatoriga kiritish mumkin.
"Odamlar kirib ham yashashi ham ishlashi, ya’ni ham sotsial hayoti va ish joyi bir joyda bo‘lgan, qolaversa savdo nuqtalari ham bir yerda bo‘lgan yagona bu singari katta majmua Markaziy Osiyoda yo‘q",- deb Toshkent shahri rahbari.
2020 yilga kelib Toshkent City xalqaro biznes markazining birinchi bosqichi qurilishi o‘z yakuniga yetadi. Toshkent City loyihasi O‘zbekiton prezidenti tashabbusi bilan qurilmoqda. Qurilish ishlari uchun Toshkent shahrining qoq markazidan 80 gektar yer ajratilib, o‘sha yerdagi turar-joy binolarini qisman boshqa yerga ko‘chirish taklifi berilgan edi. Sakkiz oylik qilingan ishlar bo‘yicha dunyoning oltita kompaniyalari bilan birgalikda master-plan ishlab chiqarilib, shundan Turkiyaning Tabanlıoğlu Architects kompaniyasining master-plani O‘zbekiston prezidentiga va ko‘pchilikka ma’qul keldi. Shundan so‘ng investorlarni jalb qilish bo‘yicha ishlab boshlab yuborildi.
Bugungi kunda "Shahar ichidagi shahar" deya e’tirof etilayotgan Toshkent City bo‘yicha loyihalarni O‘zbekiston ishbilarmonlari Germaniya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning investorlari bilan hamkorlikda amalga oshirishmoqda.
"Bu juda katta mega-loyiha", — deb ta’kidladi hokim va nega ospono‘par binolar qurilmaganligi xususida to‘xtalar ekan, "Toshkentning seysmik hududda joylashganini hisobga olib, 40 qavatli binolardan yuqorisiga tavsiya berilmaganini, ammo kelajakda 50 qavatli qurilishlar ham bunyod etilishini" ma’lum qildi.
Hozirgi kunda barcha lotlarda qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, birinchi lotda Kongress-xoll, Xillton otel quriladi. "U ishga tushdi, kotlovandan chiqdi, birinchi qavati bo‘ldi, qolgan lotlarimizning ham hamma investorlari topildi, puli to‘landi, qisman va to‘liq shaklda ishlar boshlab yuborildi", — dedi Artikxodjayev.
Toshkent hokimi O‘zbekiston rahbarining ushbu o‘ylagan g‘oyasi MDH davlatlari orasida lol qoldiruvchi g‘oya bo‘lishiga ishonadi. Qurilish ishlari ham o‘z vaqtida yakunlanishiga shubha qilmaydi.
"Biz o‘zbeklar mehnatkash xalqmiz, "Moskva-Siti"ning qurilishida ishlagan odamlarning ko‘pi o‘zbek, Ostonaning qurilishida ham — o‘zbek, Sochining qurilishida ham — o‘zbek, Dubayda katta binolarni qurayotgan ham — o‘zbek. Biz o‘zbeklar — mehnatkash xalqmiz, mening fikrimcha tez orada qurilish ishlari bitadi va Toshkent City o‘ziga yarasha sensetsion shahar tamoyilini qozonadi", — dedi o‘z fikri yakunida Artikxodjayev.