Adliya vazirligi NNTlar o‘tkazayotgan tadbirlarni nazorat ostiga oladi

Nodavlat notijorat tashkilotlari o‘tkazayotgan barcha tadbirlarning mavzusi, maqsadi va manzili haqida Adliya vazirligiga oldindan xabar berishi kerak bo‘ladi.
Sputnik

TOShKENT, 13-iyun – Sputnik. O‘zbekiston Adliya vazirligi Nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) tomonidan uyushtiriladigan tadbirlar haqidagi Nizomini e’lon qildi.

O‘zbekiston chet el NNTlari faoliyatini qo‘shimcha tarzda tartibga solmaydi

Unda aytilishiga ko‘ra, bundan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan NNTlar konferensiya, seminar, trening, yig‘ilish, aksiya, davra suhbati, simpozium va boshqa shakllarda ommaviy tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirganda tegishli adliya organini 10 kun oldin yozma ravishda xabardor qilishi kerak bo‘ladi.

Tadbirlar chet davlat hududida o‘tkazilishi yoki tadbirda xorijiy fuqarolar ishtiroki etishi rejalashtirilganda - 20 kun oldin xabar berish kerak bo‘ladi.

NNT nizomida belgilangan tadbirlar o‘tkazganda yoki O‘zbekiston hukumati va vazirliklar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etganda – xabarnomani 3 kun oldin yuborish mumkin.

Xabarnomada NNT tashkilotining nomi, tadbir mavzusi, maqsadi, kun tartibi, aholining qanday guruhlari ishtirok etishi, tadbir sanasi va manzili haqida, shuningdek unda ishtirok etayotgan xorijiy fuqarolar haqida ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonga Amnesty International tashkiloti vakillari keldi

Adliya vazirligi NNT xabarnomasida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshirib, ommaviy tadbirni o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik haqida qaror chiqaradi. Xabarnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilgani aniqlanganda yoki tadbir qonun talablariga zid ekanligi aniqlangan hollarda tadbirni o‘tkazish ta’qiqlanishi mumkin. Ta’qiq haqidagi qaror tadbirga 2 kun qolguniga qadar e’lon qilinadi.  

Hujjatda ushbu qoidalar O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan siyosiy partiyalar tadbirlari va diniy marosimlarga nisbatan qo‘llanilmasiligi alohida aytib o‘tilgan.

“Ushbu Nizom talablari siyosiy partiyalar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarga, shuningdek diniy tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan ibodat, diniy rasm-rusmlar va marosim tarzidagi tadbirlarga nisbatan tatbiq etilmaydi”, - deyilgan Nizom matnida.

Shuningdek, hujjatda ushbu Nizom O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar Assotsiatsiyasi bilan kelishilganligi aytib o‘tilgan.