Mirziyoyev Sindaoda BMT Bosh kotibi o‘rinbosarini qabul qildi

Mirziyoyev o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammadni qabul qildi
Sputnik

TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-iyun kuni Sindao shahrida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammadni qabul qildi, deb xabar berdi prezident matbuot-xizmati.

Shavkat Mirziyoyevni Sindao shahrida tantanali kutib olishdi
Mirziyoyev keyingi ikki yilda O‘zbekiston va BMT hamkorligi faol tus olgani, amaliy natijalar bilan boyiganini ta’kidladi. BMTning nufuzli delegatsiyalari O‘zbekistonda bo‘lgani, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan amaliy chora-tadbirlar rejasi izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi, deyiladi xabarda.

Amina Muhammad Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi ishtirokini mamnuniyat bilan yodga olgan. O‘zbekiston tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistonni qayta tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholagan. Toshkentda o‘tgan "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzusidagi xalqaro konferensiya bu masalaga jahon hamjamiyati e’tiborini tortgani qayd etildi.

Muloqotda avvalgi uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi bo‘yicha atroflicha fikr almashildi. Hamkorlikning istiqboldagi muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi.