O‘zbekistonda maxsus bo‘linmalar o‘rtasida "Mudofaa vaziri kubogi" musobaqasi o‘tkazildi

Toshkent harbiy okrugiga qarashli Sirdaryo viloyatida joylashgan harbiy qismda maxsus bo‘linmalar o‘rtasida boks bo‘yicha "Mudofaa vaziri kubogi" chempionati o‘tkazildi
Sputnik

TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda maxsus bo‘linmalar o‘rtasida boks bo‘yicha “Mudofaa vaziri kubogi” musobaqasi o‘tkazildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Mudofaa vazirligi matbuot-xizmati vakili.

Mudofaa vazirligi vakillari birinchi o‘zbek jahon chempioni Rufat Risqiyevnikida bo‘lishdi

"To‘rt kun davom etgan nufuzli musobaqada charm qo‘lqop ustalari 6 vazn toifasi bo‘yicha bellashdi. Musobaqaning final bahsida 64 kg vazn toifasida kuch sinashgan Farg‘ona shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchisi Shaxboz Qalandarov mezbon bokschi Dostonbek Nabiyevga imkoniyatni boy berdi", — dedi suhbatdosh.

Shiddatkor hujumlar uyushtirgan shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi Xasanboy Muydinjonov (69 kg) muddatidan oldin muddatli harbiy xizmatchi oddiy askar Muhammadjon Murodovni yengib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan.

Shuningdek, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askarlar Mirzaolim Ne’matjonov (75 kg),  Islombek Mo‘minov (81 kg), G‘iyos Fozilov (91 kg.gacha) hamda Sherzod Rasulov (+91 kg) o‘z vazn toifasida tengsiz ekanligini isbotlagan.

Turnir yakunida g‘olib va sovrindorlarga medallar hamda Mudofaa vaziri nomidan fahriy yorliqlar tantanali ravishda topshirilgan.

Umumjamoa hisobida g‘oliblik esa 4 oltin medal jamg‘argan Sirdaryo viloyatidagi harbiy qism harbiy xizmatchilariga nasib etgan. Harbiy jamoa "Mudofaa vaziri kubogi" bilan taqdirlangan.