TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Facebookda o‘z rasmiy sahifasini ochdi.
"Xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlarini o‘rganish, inson manfaatlarini ta’minlash har bir rahbarning ustuvor vazifasidir. Siz bilan doimiy muloqotda bo‘lib, sog‘liqni saqlash sohasida Sizni qiynayotgan muammolarni hal etish maqsadida Facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘z shaxsiy sahifamni ochdim. Endi tibbiyot sohasidagi yangilik, reja, taklif, murojaat va munosabatlarni ushbu sahifada birgalikda muhokama qilamiz", — deb yozgan Alisher Shodmonov.
Shodmonovning yangi sahifasida Sog‘liqni saqlash vazirligida AQShning taniqli shifokori Joldas Quljonov bilan uchrashuvi, Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtiroki hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus O‘zbekistonga kelishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Facebookda o‘z rasmiy sahifasini ochganligi haqida xabar berilgandi.