Sudlanmaganlik to‘g‘risida arizani olish tartibi e’lon qilindi

Endilikda bu turdagi arizani olish uchun Davlat xizmatlari agentliklariga murojaat qilish talab etiladi
Sputnik

TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot-xizmati sudlanmaganlik (sudlanganlik) to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olishning yangi tartibini e’lon qildi.

O‘zbekistonda sudlanganlik uchun ishga qabul qilishni rad etish taqiqlanadi

Xabarga ko‘ra, endilikda fuqarolar bu turdagi ma’lumotnomani olish uchun Davlat xizmatlari agentligiga murojaat qilishlari lozim.

"2018 yil 1-iyun kunidan Toshkent shahar va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolar sudlanmaganlik (sudlanganlik) to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlariga murojaat qilishlari lozim", — deyiladi xabarda.

Viloyatlar hududida joylashgan shahar va tumanlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar yuqoridagi ma’lumotnomani olish uchun, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligiga qarab, viloyat markazidagi Adliya boshqarmalari qoshidagi Davlat xizmat ko‘rsatish markazlariga murojaat qilishlari lozim.

Shu bilan birga, fuqarolar ma’lumotnomani olish uchun elektron ravishda “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali”ga, anketani to‘ldirish yo‘li bilan my2.gov.uz elektron manzilga murojaat qilishlari mumkin.