Namanganda ommaviy telegram-kanal ma’muriyati hibsga olindi

Namangan IIB ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy kanallar boshqaruvchilarini o‘z imkoniyatlaridan faqat qonuniy maqsadlarga foydalanishga chaqirdi.
Sputnik

TOShKENT, 3-iyun — Sputnik. Namangan viloyati IIB xabariga ko‘ra, salkam 100 ming kishi o‘qiydigan “Namanganliklar” telegram kanali ma’muriyati ta’magirlikda ayblanib hibsga olingan. Bu haqida shahar IIB matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Telegram terrorizm bilan bog‘liq bo‘lgan 8,5 ming dona kanal faoliyatini cheklab qo‘ydi

Hammasi kanal a’zolaridan biri suratga olgan videodan boshlandi. Namangandagi “Sohil” kafesida suratga olingan lavhada tarelka ichida ovqat bilan birga o‘lik suvarak aks etgan edi. Buni suratga olgan qiz ushbu videoni kanalda namoyish qilib oshxona ma’muriyatini tanqid qilishni so‘raydi.

Telegaram-kanal ma’muriyati ushbu videoni e’lon qilganidan so‘ng oshxona ma’muriyati ular bilan bog‘lanib uni olib tashlashni so‘raydi. Buning evaziga kanal boshqaruvchilari oshxona egasidan 600 dollar so‘raydi.

Lekin oshxona ma’muriyati huquqni saqlash organlariga murojaat qiladi. O‘tkazilgan tadbir natijasida kanal boshqaruvchilari hibsga olinadi. Ayni damda ushbu ishning tafsilotlari aniqlanmoqda.

Namangan Ichiki Ishlar boshqarmasi “Namanganliklar” telegram-kanali bilan soldir bo‘lgan voqea, bugungi kunda O‘zbekistonda soni tobora oshib borayotgan boshqa ijtimoiy tarmoq kanallari uchun o‘rnak bo‘lishi mumkinligini eslatib, ular yo‘l qo‘ygan xatoga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.  

“Turli xabarlarni norasmiy yo‘l bilan tarqatib, xalqqa ishonchli manbaa sifatida ko‘ringan ijtimoiy tarmoqdagi kanalning administratorlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lishga arziydi. Bir vaqtning o‘zida 100 ming kishiga istalgan xabarni yetkazish – bu ulkan imkoniyatdir.

Lekin o‘z imkoniyatlaridan birovning aybini oshkor qilish yo‘li bilan daromad topishni maqsad qilgan ushbu yigitlar bir vaqtning o‘zida kanal a’zolarining ishonchidan ham o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqchi bo‘lishdi”, — deyilgan IIB xabarida. 

Shuningdek, IIB har qanday jinoyatga jazo muqarrarligini yana bir bor esga soldi. Xoh muayan, xoh kiber olamda sodir etilgan bo‘lsin.