Botir Parpiyevning birinchi o‘rinbosari hibsga olindi - OAV

Ayni paytda 51 yoshli Abdusalom Yo‘ldoshev Davlat xavfsizlik xizmatining tergov izolyatorida ushlab turilibdi.
Sputnik

TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpiyevning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Abdusalom Yo‘ldoshev 28-may kuni qo‘lga olingan va Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan biri orqali Toshkentga keltirilgan. Bu haqda Kun.uz o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, ayni paytda 51 yoshli Abdusalom Yo‘ldoshev Davlat xavfsizlik xizmatining tergov izolyatorida ushlab turilibdi.

"Soliqda o‘yinlar ko‘p bo‘lgan": Mirziyoyev Botir Parpiyev nega ishdan olinganiga izoh berdi

Joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida ish boshlagan A.Yo‘ldoshev aynan qaysi jinoiy ish doirasida qo‘lga olinganiga Kun.uz manbasi aniqlik kirita olmadi.

Ma’lumot berilishicha, A.Yo‘ldoshev o‘z mehnat faoliyatining turli yillarida Andijon viloyati va Toshkent shahrida davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan. 2012-yilning fevralidan Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

A.Yo‘ldoshev qo‘lga olinganidan bir kun o‘tib, 29-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida davlat soliq qo‘mitasi sobiq rahbari Botir Parpiyev va u yetakchilik qilgan tizimdagi ahvol haqida gapirgan edi.

"Soliqda ham ko‘p o‘yinlar bo‘lgani, rahbariyati qanday ishlar bilan shug‘ullanganidan hayron qoldim. Hali uni ham xalqimizga yetkazamiz", — degan prezident videoselektor majlisida.

2004 yildan buyon davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan 72 yashar general Botir Parpiyev joriy yilning 11-mayida prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan o‘z vazifasidan bo‘shatilib, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisi etib tayinlangandi.