"O‘zbekkonsert" jazoladi: majlisda qatnashmagan to‘rt xonandaning litsenziyasi tugatildi

Ma’lum bo‘lishicha, to‘rt xonanda "O‘zbekkonsert" majlisida sababsiz qatnashmagan. Ular "bu orqali Muassasa bilan tuzilgan litsenziya bitimi talab-shartlarini qo‘pol ravishda buzdilar", — deb aniqlik kiritiladi xabarda
Sputnik

TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. "O‘zbekkonsert" to‘rt nafar xonandaning litsenziyasi to‘xtatib qo‘yilgani haqida rasmiy bildirish e’lon qildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

San’atkorlarning sahnada o‘zini tutishi va muomala madaniyati nazorat ostiga olinadi

Xabarga ko‘ra, kuni kecha 31-may kuni "O‘zbekkonsert" davlat muassasasida "San’atkor odobi: Milliy estrada san’atining yoshlar ma’naviy axloqiy tarbiyasidagi o‘rni" mavzusida yig‘ilish o‘tkazilgan.

Ushbu yig‘ilishga telefon orqali ogohlantirilganiga qaramasdan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sanjar Rahimov (Sardor Rahimxon), “Nihol” mukofoti sovrindori Feruza Jumaniyozova, estrada xonandalari Aslbek Negmatov va Toxir Usmonovlar asossiz qatnashmagan.

Ular "bu orqali Muassasa bilan tuzilgan litsenziya bitimi talab-shartlarini qo‘pol ravishda buzdilar", — deb aniqlik kiritiladi xabarda.

"O‘zbekkonsert" yuqorida qayd etilgan san’atkorlarning litsenziyalari joriy yilning 31 may kunidan to‘xtatilganligini ma’lum qilgan.