YPX xodimiga bo‘ysunmagan mashina o‘g‘risi 11-yilga qamaldi

Jinoiy ishlar bo‘yicha Uchtepa tumani sudi fuqaro Sh.Shukurni jinoyat sodir etishda aybdor deb topdi.
Sputnik

TOShKENT, 31-may — Sputnik. Jinoiy ishlar bo‘yicha Uchtepa tumani sudi YPX xodimiga bo‘ysunmagan avtomobil o‘g‘risini 11-yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.

Toshkentda yo‘l nozirlari yon kameralarni sinovdan o‘tkazmoqda

Qayd etilishicha, “Matiz” avtomobilining olib qochilgani haqidagi xabar bir zumda barcha YPX postlariga kelib tushgan.

“Barcha nazoratchilar qatori YPX brigadasining 3-divizioni mobil guruhi inspektori – safdor Dilshod Jo‘rayev “Nazarbek” postidan o‘tayotgan mashinalarni sinchiklab tekshirar ekan, qidiruvdagi mashinani darrov payqagan va unga to‘xtash buyrug‘ini bergan. Biroq, YPX xodimiga bo‘ysunmagan jinoyatchi tezlikni oshirib, harakatni davom ettiradi. Shunda inspektor avtomobil kapot ustiga o‘zini otadi, biroq sodir etgan jinoyatining jazosidan qo‘rqqan qonunbuzar mashina rulini turli tomonga burib, xodimdan qutilmoqchi bo‘ladi”, — deb ta’kidlandi IIBBda.

Mashinaning qisqa burilishlari oqibatida yiqilib tushgan YPX xodimi tan jarohatini oldi. Biroq jinoyatchi boshqa xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.

Ushbu holat yuzasidan, Toshkent shahar Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan muqaddam sudlangan, 1985-yilda tug‘ilgan Sh.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir qator, jumladan, 105, 219, 267, 122 va 226 – moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan 11-yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi.