Volvo mutaxassisi: O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarishga harakat – zo‘r yangilik

Uning aytishicha, elektromobillar atmosfera ifloslanishini kamaytirish bilan birga yo‘llardagi shovqinlarning pasayishini ham ta’minlaydi.
Sputnik

TOShKENT, 31-may – Sputnik. O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish borasida harakatning boshlanishi zo‘r yangilik va avtomobilsozlik sohasidagi ulkan qadamdir. Shvetsiyaning Volvo kompaniyasi xodimi, "Buyuk Kelajak" ekspertlar kengashi a’zosi Sherzod Jalilov O‘zbekistonda elektromobillarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha respublika konsepsiyasi ishlab chiqilishi haqidagi xabarni ana shunday izohladi.

Uning aytishicha, elektromobillar atmosfera ifloslanishini kamaytirish bilan birga yo‘llardagi shovqinlarning pasayishini ham ta’minlaydi.

“O‘zavtosanoat” elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha ish olib bormoqda

“Bizning xalqimiz avtomobildan asosiy harakat vositasi sifatida foydalanadi va shu bois istaymizmi-yo‘qmi, yo‘llarda ulkan shovqin yuzaga keladi, bu esa shaharlarimizning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, - dedi u.

Jalilov avtosanoat gigantlari hozirda to‘lig‘icha elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tayotganligini bildirdi.

Uning aytishicha, shu yilning 22-aprel kuni Volvo kompaniyasi 2019-yildan ommaviy ishlab chiqariladigan elektromobil yuk mashinasini namoyish etgan.

“Bu bilan aytmoqchimanki, yonilg‘i bilan yuradigan an’anaviy transport vositalari estafeta tayoqchasini elektromobillarga topshirmoqda. O‘zbekistonning mazkur tendensiyaga e’tibor qaratishi esa mamlakatimiz zamon bilan hamnafaslikda qadam tashlayotganligi va avtosanoat kelajagini aniq ko‘rayotganligini anglatadi”, - dedi Volvoning o‘zbekistonlik mutaxassisi.