TOShKENT, 31-may — Sputnik. General Motors avtokorporatsiyasi va "O‘zavtosanoat" O‘zbekistondagi ikki zavodning amerikaliklarga tegishli ulushi oldi-sotdisi bo‘yicha muzokara olib bormoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Gap Asakadagi avtomobil zavodi va Toshkentdagi GM Powertrain Uzbekistan avtomobil dvigatellari zavodi xususida bormoqda.
“Hozirda hukumat qaroriga muvofiq Asakadagi GM asosiy zavodi aksiyalarini sotib olmoqdamiz. Aksiyalarning bir qismi xarid qilindi, ayni paytda GMda ushbu zavod aksiyalarining 10 foizi qoldi. Yil oxiriga qadar Amerika korporatsiyasining barcha ulushini sotib olish va zavod nomini o‘zgartirish ko‘zda tutilgan”, - deya ma’lum qilgan “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Umidjon Salimov.
Uning aytishicha, shu bilan birga 70 foizdan ortiq aksiyasi amerikaliklarga tegishli bo‘lgan GM Powertrain Uzbekistan avtomobil dvigatellari zavodini ham sotib olish bo‘yicha muzokara olib borilmoqda.
"Zavodni sotib olish bo‘yicha muzokaralar yakunlovchi bosqichda, bir nechta yuridik jihatlar qoldi xolos. Xususan, zavoddan muqobil motorlarni ishlab chiqarishda foydalanish masalasini muhokama etish lozim. Yaqin ikki-uch oy ichida muzokara jarayoni yakunlanadi, keyin aksiyalarni xarid qilishni boshlaymiz", — deya qayd etgan Salimov.
Shu bilan birga, uning aytishicha, GM O‘zbekistonda texnik yordam ko‘rsatish va hamkorlik shartlari asosida qoladi. Bunda O‘zbekiston tomoni Chevrolet brendi ostida avtomobil ishlab chiqarishni davom ettirishi ham mumkin.