TOShKENT, 29-may – Sputnik. Andijon viloyatining transport vositalari serqatnov bo‘lgan chorrahalariga 94 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Bu haqda O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, kameralar shu yilning 1-iyun kunidan boshlab qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda qayd etishni boshlaydi.
Ushbu kameralar svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida harakatlangan, uzluksiz chiziqni bosgan, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan hamda to‘xtab turish taqiqlanadi yo‘l belgisi talablariga bo‘ysunmagan haydovchilar boshqaruvidagi avtomototransport vositalarini qayd etib borishi rejalashtirilgan.
Videokuzatuv kameralari Andijon shahri hududidagi A.Temur-A.Navoiy, A.Temur-Z.M.Bobur, Mashrab-Lermontov, O‘zbekiston-Furqat, O‘zbekiston-Z.M.Bobur, Cho‘lpon shoh-Mustaqillik va Z.M.Bobur-Yu.Otabekov ko‘chalari kesishgan chorrahalariga o‘rnatildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilgan.