"Aniq emas": Turizm qo‘mitasi o‘z raisi Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lganini tasdiqlamadi

Ilgariroq O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Qahramon Valiyevich Akmalov lavozimdan olingani haqida xabar berilgan edi
Sputnik

TOShKENT, 28-may — Sputnik. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripovning o‘rinbosari etib tayinlandi, deb xabar tarqatdi Kun.uz nashri o‘z manbasiga tayangan holda.

Bosh vazir o‘rinbosarlaridan biri lavozimidan ozod etildi

Ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida Sputnik O‘zbekiston muxbiri Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga qo‘ng‘iroq qilganida, matbuot-xizmati vakili hozircha bu borada izoh bera olmasligini ma’lum qildi.

"Hozircha bu aniq emas", — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Aziz Abduhakimov 1974-yilda tug‘ilgan. 2014-yil yozidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini boshqargan. Avvalroq Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat olib borgan. 2017-yilning avgust oyidan beri Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ilgariroq O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbari Qahramon Valiyevich Akmalov lavozimdan olingani xabar bergan edik.