TOShKENT, 23-may — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston BMTning 212ta tavsiyadan 201tasini qabul qildi, deb ta’kidladi 23-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori Akmal Saidov.
Saidovning so‘zlariga ko‘ra, 9 may kuni Jeneva shahrida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 30-sessiyasida O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha milliy ma’ruzasi Universal davriy hisobot doirasida ko‘rib chiqilgan.
BMT tomonidan 212 tavsiyalar berilgan, O‘zbekiston delegatsiyasi 201 ta tavsiyani qabul qilgan. BMTning LGBT bo‘yicha tavsiyasi rad etilgan.
"Bu O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 120-moddasi. Shuning uchun 11 marotaba jaranglagan bu tavsiya qabul qilinmadi, qolgan tavsiyalarni esa biz qabul qildik",- dedi Saidov.
Saidovning aytishicha, Kengashning tavsiyalari bo‘yicha uzil-kesil qaror joriy yil sentabr oyida qabul qilinadi va aynan o‘sha vaqtda O‘zbekiston BMT tavsiyalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha "Yo‘l xartiasi"ni qabul qiladi.