TOShKENT, 22-may – Sputnik. Andijon shahri Ichki ishlar boshqarmasining negizida shahar hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 4 ta sektorning har birida bittadan ichki ishlar bo‘limi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi alohida boshqarma tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 19-20 may kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov viloyat ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishdi.
Vazir Samarqand va Urganch shaharlari, Urgut va Qo‘shko‘pir hamda Toshkent shahri tumanlarida tajriba tariqasida joriy etilgan ichki ishlar organlarini boshqarish va xizmatni tashkil etishning yangi tizimi amalda o‘zini oqlaganligini ta’kidladi hamda mazkur tizimni qisqa muddatda Andijon shahriga ham tatbiq qilish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mutasaddi rahbarlariga ko‘rsatma berdi.
Mazkur tizimga muvofiq, Andijon shahrida hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan Ichki ishlar boshqarmasining negizida shahar hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 4 ta sektorning har birida 1 tadan ichki ishlar bo‘limi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi alohida boshqarma tashkil etiladi.
Hozirda shahar IIBda mavjud, zarur hollarda esa qo‘shimcha kuch va vositalar quyi tizimga, ya’ni sektorlarda tashkil etiladigan ushbu bo‘limlar faoliyatiga jalb qilinadi.
Shu bilan birga hududlarda xavfsizlikni ta’minlash borasida sektorlardagi ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida Ichki ishlar vazirligi tomonidan Andijon shahar va Andijon tumani ichki ishlar organlariga xizmatni olib borish uchun zarur bo‘lgan yangi avtoulovlar topshirildi. Shuningdek, ichki ishlar vaziri IIVning Andijon akademik litseyida bo‘lib, muassasada o‘quv jarayonining tashkil etilishi, o‘quv-metodik ta’minlanishi va o‘quchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.