O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha Singapur tajribasi qo‘llanilishi mumkin

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi delegatsiyasi Singapurga tashrif buyurib, ushbu mamlakatdagi davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyoti bilan tanishdi
Sputnik

TOShKENT, 18-may – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi delegatsiyasi Singapurga tashrifi doirasida Singapur hamkorlik agentligi, Yo‘l transporti burosi va Haydovchilik guvohnomalari berish burosi vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Namangandagi davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdi

Xabarda aytilishicha, muzokaralarda O‘zbekistonda yaqin istiqbolda davlat xizmatlarining yangi turlarini joriy qilish maqsadida avtomobil vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va haydovchilik guvohnomalarini berish tizimining Singapur tajribasi va ijobiy jihatlarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish taklif etildi.

Yo‘l transporti burosi va Haydovchilik guvohnomalari berish bo‘yicha buro vakillari O‘zbekiston delegatsiyasini avtomashinalar va avtomobil raqamlari berish bilan bog‘liq harakatlarni qayd etish, shuningdek, haydovchilik guvohnomalarini masofadan berish va yangilash jarayonlari bilan tanishtirdi.

Singapur hamkorlik agentligining Markaziy Osiyo va Yevropa bo‘yicha loyihasi direktori Erik Li onlayn rejimda davlat xizmatlari taqdim etish uchun zarur bo‘lgan uchta asosiy ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha Singapur tajribasi haqida ma’lumot taqdim etdi.

U shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatishning masofaviy uslubiga o‘tish usullari, mobil ilovalar orqali xizmatlardan foydalanish qulayliklarini targ‘ib qilish, davlat organlarining mamlakatning uchta asosiy serveriga integratsiya qilish mexanizmlari haqida so‘zlab berdi.

O‘zbekistonda propiska-ro‘yxatga olishning elektron tizimi ishga tushirildi

Tomonlar tajriba o‘rganish va axborot almashish uchun Agentlik dasturchilarini Singapurda stajirovka o‘tash uchun yuborish haqida kelishib oldi.

Davlat xizmatlari markazi (Tampines Hub)da Agentlik delegatsiyasi ishga joylashish, OO‘Yuga hujjat topshirish, tibbiy sug‘urta olish bo‘yicha davlat xizmatlari olish jarayoni, shuningdek, aholining ijtimoiy ta’minoti bo‘yicha boshqa davlat xizmatlari bilan tanishdi.

“Agentlik delegatsiyasini imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar, ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan shaxslar uchun maxsus kompyuter va dasturlar, davlat xizmatlari markazi faoliyatini baholash samaradorligi, mobil ilovalarning oddiy va qulayliligi hayratga soldi”, — deyiladi xabarda.

Davlat xizmatlari markazi xodimlari real hujjatlar misolida O‘zbekiston vakillarining barcha savollariga javob berdi, shuningdek, Singapur idoralari o‘rtasida axborot almashish usuli bilan o‘rtoqlashdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi, shahar va tumanlarda uning markazlari tashkil etildi. Oldingi “yagona darcha” markazlari faqat tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, davlat xizmatlari markazlari  jismoniy va yuridik shaxslarga ham xizmat ko‘rsatmoqda.