Prezident topshiriqlarini vaqtida bajarmagan 51 nafar mansabdor javobgarlikka tortildi

Prokuratura organlari tomoni qo‘pol qonun buzilish holatlari yuzasidan 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sputnik

TOShKENT, 18-may — Sputnik. Bosh prokuraturaning Prezidenti qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra 51 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi hamda qo‘pol qonun buzilish holatlari yuzasidan 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, Bosh prokuraturaning Prezident qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan davlat rahbari qaror va topshiriqlari ijrosi muntazam ravishda joylarga chiqib o‘rganilmoqda. Asosiy e’tibor Prezident qaror va topshiriqlarinining vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishiga hamda mansabdor shaxslarining mas’uliyatini yanada oshirishga qaratildi.

Bosh prokuratura 700 ming dollar olgan prokuratura xodimi haqidagi xabarlarga izoh berdi

Tekshirishlar davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan 36 ta qaror va topshiriqlar ijrosi bajarilishi ta’minlandi.

Shuningdek, 17 ta tadbirkorlik subyektiga 53,3 milliard so‘m va 4,3 million AQSh dollari miqdorida kredit, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 11,4 gektar yer maydoni ajratilishi hamda 26 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi kredit mablag‘larining qaytarish muddatini uzaytirishga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shu bilan birga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish uchun 55,2 mlrd. so‘m ajratilishi ta’minlandi.