Jahon banki O‘zbekistonga 940 million dollar ajratdi

Ajratilgan mablag‘lar O‘zbekistonda bog‘dorchilikni rivojlantirish, shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, sanoat korxonalarining energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 18-may — Sputnik. Kuni kecha Butun jahon banki va O‘zbekiston umumiy miqdori 940 million dollarlik kredit shartnomasini imzolashdi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev Pentagonda AQSh mudofaa vaziri bilan qanday masalalarni muhokama qildi

Bu kelishuvlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrifi doirasida Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim uchrashuv chog‘ida imzolandi.

Ajratilgan mablag‘lar O‘zbekistonda bog‘dorchilikni rivojlantirish, shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, sanoat korxonalarining energiya tejamkorligini oshirish, isitish tarmoqlarini modernizatsiyalash, moliyaviy konsultativ xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Bu kreditlar Jahon bankining O‘zbekistondagi loyiha portfelini 2,8 milliard dollarga ko‘paytirdi. Bugungi kunda u transport, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va suv ta’minoti loyihalarni o‘z ichiga oladi.

"Men O‘zbekistondagi islohotlarning ko‘lami va samaradorligidan mamnunman. Jahon banki guruhi respublikaning samarali rivojlanish dasturiga va O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘zbek xalqi kelajagini yanada yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarga ekspertlik va moliyaviy ko‘mak berishni davom etadi", — dedi Djim Yong Kim.

Bundan tashqari, Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliyaviy korporatsiya (IFC) bilan maslahat berish xizmatlari to‘g‘risida bitim imzolandi.

Bu tashkilot O‘zbekistondagi quyosh elektrostansiyalarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish va ishlatish, xususiy investorlarni jalb qilish uchun davlat-xususiy sektor hamkorligini rivojlantirishga ko‘mak beradi. Shuningdek, korporatsiya bu kabi loyihalarni amalga oshirish uchun 1 milliard dollargacha investitsiya jalb qilishga ko‘mak beradi.

Yana bir imzolangan hujjat — Jahon banki va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘lib, u ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Donald Tramp kuchli va mustaqil Markaziy Osiyoning muhimligini qayd etdi

"O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘lda. Respublikada olib borilayotgan mardonavor iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va davlat institutlarini mustahkamlash ishlari xususiy sektor investitsiyalarini jalb qilish, ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek mamlakatni Markaziy Osiyo va jahonning yetakchi iqtisodiyotiga aylantirishga yordam beradi. Men O‘zbekistonning barcha fuqarolariga foyda keltiradigan keyingi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha hukumatning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlayman", — deb ta’kidladi Djim Yong Kim.

Ta’kidlash joizki, Jahon banki guruhi hozirgi paytda O‘zbekiston hukumati islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika bilan hamkorlik qilish konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Bank vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bankning asosiy vazifasi — O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotini qurish, davlat institutlarini isloh qilish, fuqarolarning qaror qabul qilishda ishtirokini kengaytirish va mamlakatda ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada rivojlantirishga investitsiyalar ajratish borasida O‘zbekistonga ko‘maklashishdir.