O‘zbekiston IHTning navbatdan tashqari sammitida ishtirok etadi

G‘azo mintaqasidagi so‘nggi voqealar munosabati bilan Turkiya IHTning navbatdan tashqari sammitini chaqirdi.
Sputnik

TOShKENT, 17-may — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi delegatsiya 18-may kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

G‘azo mintaqasidagi so‘nggi voqealar munosabati bilan Turkiya IHTning navbatdan tashqari sammitini chaqirdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Turkiyaning favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

BMT Xavfsizlik kengashi G‘azo sektoridagi vaziyatni muhokama qilmoqda

"Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etishi elchiga rasman ma’lum qilindi", — deyiladi xabarda.

Dushanba kuni G‘azo mintaqasida AQSh elchixonasining Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirilishiga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi. Isroil harbiylarining namoyishchilarga qarshi o‘q uzishlari oqibatida 61 falastinlik halok bo‘ldi. Falastin va Turkiyada motam e’lon qilindi.