TOShKENT, 17-may — Sputnik. O‘zbekiston va AQSh kompaniyalari o‘rtasida 20 dan ortiq yirik shartnomalar imzolandi. Bu haqda prezidentning matbuot kotibi Komil Allamjonov Vashingtonda jurnalistlar uchun tashkil etilgan brifingda ma’lum qildi.
Komil Allamjonov so‘zlariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyevning Oq uyga ilk tarixiy tashrifi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi.
Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp o‘zaro savdo hajmini oshirish va har ikki mamlakatda ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashadigan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini o‘rganishga qat’iy tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda oshkoralik va hisobdorlik xalqaro standartlarini joriy qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish hamda AQSh kompaniyalari va investorlariga mamlakat bozoriga kirish imkoniyatini taqdim qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Davlat rahbarlari, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika, kimyo, moliya, turizm, to‘qimachilik sanoati, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohalarida yanada yaqinroq hamkorlik qilish uchun mavjud imkoniyatlarni o‘rganishga kelishib oldi. Tashrif davomida O‘zbekiston va AQSh kompaniyalari o‘rtasida 20 dan ortiq yirik shartnomalar imzolanganligi va ular hayotga to‘laqonli tatbiq qilingan taqdirda, 4,8 milliard dollar miqdorida baholanishi va AQShda 10 ming ish o‘rinlarini saqlab qolishi hamda kelgusida bir necha milliard dollar miqdoridagi shartnomalar uchun imkoniyatlar yaratishi mumkinligi e’tirof etildi.
Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatladi va O‘zbekistonning iqtisodiy lider sifatida o‘sib borayotgan rolini e’tirof etdi.
U joriy yilda mamlakatda Markaziy Osiyo savdo forumini va Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSh o‘rtasida savdo va investitsiyalarga oid hadli bitim bo‘yicha kengash yig‘ilishini o‘tkazishga doir O‘zbekiston taklifi bundan dalolat berishini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga intilayotganini qayd etdi. Prezident Donald Tramp O‘zbekiston o‘z savdo rejimini tashkilot normalariga muvofiq liberallashtirish bo‘yicha kun tartibidagi islohotlarni amalga oshirgani sayin AQSh unga texnik ko‘mak ko‘rsatishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Fonogramma ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini, ularning fonogrammalarini qonunsiz ishlab chiqarishdan himoya qilish to‘g‘risida Jeneva konvensiyasi va Butunjahon intellektual mulk tashkilotining internet bo‘yicha shartnomalariga qo‘shilish orqali intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga sodiq ekanligini bildirdi. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish ikki tomonlama savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ochish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.