TOShKENT, 15-may — Sputnik. Bir daqiqalik sukut BMT XKda raislik qilayotgan Polsha davlati taklifi bilan e’lon qilindi, deb xabar qilmoqdv RIA Novosti.
G‘azo sektorida norozilik namoyishlari dushanba kuni, Isroil davlati tashkil topganining 70-yilligi hamda ushbu yubiley sana munosabati bilan AQSh elchixonasining Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirilishi tufayli bo‘lib o‘tdi.
G‘azo sektori chegaralarida Isroil harbiylari bilan to‘qnashuvda halok bo‘lgan falastinliklar soni 61 nafarga yetdi. Falastinlik yetakchi Mahmud Abbos uch kunlik motam e’lon qildi. Mart oyi oxiridan buyon G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 100 nafardan oshdi, deb xabar qildi BMTning Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus muvofiqlashtiruvchisi Nikolay Mladenov.
"30 martda norozilik namoyishlari boshlanganidan buyon 100 kishi o‘ldirildi, shu jumladan 13 nafar bolalar, ulardan teng yarmi — kuni kecha bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlarda halok bo‘ldi", — deb aytgan Mladenov BMT XK majlisida.