TOShKENT, 14-may – Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekistonda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi-2018” tanlovi boshlanganini e’lon qildi.
Tanlovi uch bosqichda: tuman (shahar), viloyat va respublika bosqichida tashkil etilgan. Unda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglar ishtirok etishmoqda.
Birinchi bosqich 13-18 may kunlari 11 ta hududda o‘tkazilib, 13 ta o‘quv fanidan jami 197 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashadi.
Bellashuv 4 ta shart bo‘yicha: dars ishlanmasi va taqdimot, ishtirokchining oxirgi uch yil davomida erishgan yutuqlari, dars mashg‘uloti hamda onlayn test-sinovlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
“Mazkur tanlov davomida aniqlangan ilg‘or tajriba, o‘qitishning muqobil metodlari va texnologiyalari Respublika ta’lim markazi mutaxassislari tomonidan o‘rganiladi, tajriba-sinovdan o‘tkazilib, respublika miqyosida joriy etiladi”, — deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bir necha yil davomida o‘tkazib kelinmoqda. An’anaga ko‘ra, tanlov g‘oliblari “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak-nishoni hamda pul mukofoti bilan taqdirlanadi.