TOShKENT, 14-may — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Joriy yilda "Bir kamar, bir yo‘l" tashabbusi ilgari surilganining 5-yilligi nishonlanmoqda. Besh yil davomida xalqaro jamoatchilikning faol qo‘llab-quvvatlashi va ishtiroki tufayli "Bir kamar, bir yo‘l" qurilishida zo‘r natijalarga erishildi, dedi dushanba kuni Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Szan Yan.
"Bu katta qiziqish — loyiha barcha mamlakatlar manfaatlariga tamomila mos tushganligini bildiradi. Ushbu loyiha tufayli barcha mamlakatlar farovonligi ortadi. Avvaliga Xitoy tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus endilikda butun dunyo bo‘ylab o‘z mevasini bermoqda", — dedi diplomat.
Szan Yan shuningdek, O‘zbekiston Qadimgi ipak yo‘lidagi muhim bog‘lovchi tugun ekanligini, aynan O‘zbekiston ushbu loyiha tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan biri bo‘lganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi Xitoy elchisi bu yil XXR ochiq siyosatning 40-yilligini nishonlashini, mana shu yillar tajribasi faqatgina ochiqlik siyosati taraqqiyotga xizmat qilishini ko‘rsatganini aytib o‘tdi.
"Xitoy va O‘zbekiston hamkorlik borasidagi salohiyati va istiqboli nihoyatda ulkan. Xitoy tomoni "Bir kamar bir yo‘l" qurilishi doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga umid bildiradi", — dedi diplomat.
"Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab rivojlanish tendensiyalarini davom ettirish, iqtisodiy hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, jalb etilgan davlatlarning iqtisodiy taraqqiyoti, turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tinchlik va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish mazkur dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi. Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishidagi mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan "Bir kamar, bir yo‘l" loyihasi O‘zbekistonning ham iqtisodiy imkoniyatlarini rivojlantirish va namoyish etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi", — dedi u.