Toshkentning uchta tumaniga hokimlar tayinlandi

Olmazor, Uchtepa va Sergeli tumanlariga hokimlar tayinlandi.
Sputnik

TOShKENT, 12-may — Sputnik. Bugun Toshkent shahrining uchta tumaniga hokimlar tayinlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Atamuxamedov Shuhrat Maxamadnazimovich Uchtepa tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. U 1975-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent elektrotexnika aloqa instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mashhur ishbilarmon Jahongir Artikxodjayev Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlandi

Tayinlovga qadar "O‘zbekiston pochtasi" aksiyadorlik jamiyati bosh direktori, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalari sho‘’basining mudiri bo‘lib ishlagan.

Shuningdek, Husanov Nozim Baxtiyorovich Sergeli tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

U 1976-yil Toshkent viloyati, Zangiota tumanida tug‘ilgan. Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti va Toshkent moliya instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Nozim Husanov "Mikrokreditbank" ochiq aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi raisi, Toshkent shahar hokimining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, xizmatlar sohasi va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Rahmonov Baxtiyor Sultonovich Olmazor tumani hokimi etib tayinlandi. Bunga qadar u Sergeli tumani hokimi lavozimida ishlagan.

Baxtiyor Rahmonov 1959-yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Kiyev muhandislik-qurilish institutini tamomlagan.

Mirobod tumani hokimi va Toshkent shahar hokimining kapital qurilish masalasi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.