TOShKENT, 11-may — Sputnik. O‘zbekistonda yaqin oylarda qishloq xo‘jalik texnikasining mahalliy brendi paydo bo‘ladi. Bu haqda Sputnik muxbiri prezident qaroriga asoslangan holda xabar qildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Qishloq xo‘jaligini o‘z vaqtida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Qaror talablariga ko‘ra "O‘zagrotexsanoatxolding" AJ, Iqtisodiyot, Moliya vazirliklari va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda qishloq xo‘jaligi texnikasining mahalliy brendini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga joriy etishni nazarda tutgan holda respublikada qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
Shu bilan birga, 2018-2020 yillarda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalarining yangi ishlab chiqarishlarini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash yuzasidan investitsiya loyihalari ro‘yxati bilan birga qishloq xo‘jaligi texnikasining har bir turi bo‘yicha ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi tayyorlanadi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan tarmoq kooperatsiyasi doirasida ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasi va uning komponentlari tannarxini pasaytirish dasturi ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va yetkazib berishni moliyalashtirishni yaxshilash uchun xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb etish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda respublikada fermer xo‘jaliklarini yuqori quvvatli traktorlari — 75 %, g‘alla yig‘ish traktorlari — 86 %, paxta yig‘im traktorlari — 28 %, paxta ekish — 60 %, don ekish traktorlari — 25 %ga ta’minlangan.
Respublikada mavjud bo‘lgan va eskirgan texnikalarni hisobga olganda jami 82 ming dona turli qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalarga ehtiyoj mavjud. Faqat joriy yilda fermerlarni 16 ming donani, shu jumladan, birinchi yarim yillikda 5,8 ming dona bilan ta’minlash rejalashtirilgan.