O‘zbekistonda qariyb yuz yildan buyon chiqayotgan jurnal yopilmaydigan bo‘ldi

Bu borada Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot vazirligiga topshiriq berdi
Sputnik

TOShKENT, 9-may — Sputnik. Avvalroq yopilishi xabar qilingan "O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi" — "Ekonomicheskiy vestnik Uzbekistana" nomini saqlab qolishga va o‘z faoliyatini davom ettirish huquqini qo‘lga kiritishga erishdi. Bu haqda jurnal saytida xabar berildi.

O‘zbekistonda deyarli yuz yildan buyon chop etib kelingan jurnal yopiladi

"O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi "O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi" — "Ekonomicheskiy vestnik Uzbekistana" jurnali tahririyat jamoasining bir asrlik tarixga ega bo‘lgan nashrni saqlab qolish yuzasidan yordam ko‘rsatishni so‘rab qilgan murojaatini ko‘rib chiqib, muassis — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga masalani o‘rganib chiqib, taklif kiritish topshirig‘ini berdi", — deyiladi xabarda.

Unga ko‘ra, Iqtisodiyot vazirligi jurnalning nomini "O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi" MChJ jamoasi tashabbusiga ko‘ra tashkil etilayotgan jurnalga berish to‘g‘risida buyruq chiqardi.

Shuningdek, buyruqda huquqiy vorislik hamda tugatilayotgan "O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi" DUKning mol-mulkini yangi tashkil etilayotgan MChJga bepul o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish ham nazarda tutilgan.