TOShKENT, 8-may — Sputnik. 12-13 may kunlari Bishkekda meva-sabzavot mahsulotlari eksportida Farg‘ona vodiysining ustivorliklarini muhokama qilishga bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlat va bizes tuzilmalari hamda YeI, Rossiya, Qozog‘iston, Mongoliya, Hindiston, Xitoy davlatlarining savdo tarmoqlari vakillari ishtirok etadi.
Tadbirda Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishning mavjud imkoniyatlarini muhokama qilish, eksport mahsulotlarini yetkazib berishda paydo bo‘lgan muammolarni hal qilishning tezkor yechimlarini aniqlash va o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish ko‘zda tutilmoqda.
Dasturga ko‘ra, yirik savdo tarmoqlari vakillari yetkazib beriladigan meva-sabzavot mahsulotlariga qo‘yiladigan talablar bilan tanishtirishadi, mintaqaning transport-logistika tizimi muhokama qilinadi.
Biznes-forum doirasida biznes vakillari o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishadi hamda ishlab chiqaruvchi va xaridorlar o‘rtasida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolanadi.
Biznes-forumda O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari namoyishini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.