Namanganda mamlakatda qiyosi yo‘q bo‘ladigan maydoni 110 gektarli bog‘ quriladi

Mazkur ko‘ngilochar maskanda yiliga 100 ming kishiga xizmat ko‘rsatish mo‘ljallangan. Uni 2019-yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Sputnik

TOShKENT, 3-may – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi madaniyat va istirohat bog‘ida amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Prezident Namangandagi davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdi

110 gektar maydonni egallagan ushbu bog‘da ochiq va yopiq suzish havzasi, kichik stadion, muz saroyi, to‘rt yulduzli mehmonxona, yirik attraksionlar, ertaklar shaharchasi, savdo shoxobchalari, kutubxona va internet kafe, bouling va fitnes klublari, hunarmandlar markazi, amfiteatr, akvapark va boshqa obyektlar bo‘ladi. O‘ziga xos landshaftga ega bo‘lgan hududga noyob manzarali daraxt va gullar ko‘chatlari ekilib, botanika bog‘i yaratiladi.

Mazkur ko‘ngilochar maskanda yiliga 100 ming kishiga xizmat ko‘rsatish mo‘ljallangan. Uni 2019-yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish, 1 ming 500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda qurilish ishlari jadal davom etmoqda.

“Davlatimiz rahbari istirohat bog‘ini sifatli va xavfsiz barpo etish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Nafaqat viloyat, balki mamlakatimizda qiyosi yo‘q bo‘ladigan mazkur parkka "Afsona" deb nom berishni taklif qildi”, — deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, shu yerda Namangan shahri Guliston dahasida bunyod etilishi mo‘ljallangan “Namangan City”, Pop tumanida quriladigan zamonaviy savdo majmuasi va "Pop eco park" kabi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.