O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar almashish hajmi bu yil 6 mlrd dollarga yetishi mumkin

Elchi 2018-yildagi ustuvor vazifalardan biri o‘zaro munosabatlarda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish ekanligini qayd etdi.
Sputnik

TOShKENT, 3-may – Sputnik. Bu yil O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar almashish hajmini 2017-yildagi 5 milliard dollardan 6 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda, dedi O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Bahrom Ashrafxonov "Xalq so‘zi" gazetasiga bergan intervyusida.

"2018 yilgi rejalarimizning barchasi prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar, vazifalar va ko‘rsatmalarga asoslangan. Bu yil o‘zaro savdo hajmini olti milliard dollarga yetkazish ana shu vazifalar qatoridan o‘rin olgan", — dedi Ashrafxonov.

Elchi 2018-yildagi ustuvor vazifalardan biri o‘zaro munosabatlarda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish ekanligini qayd etdi. Rossiyaning o‘n hududiga O‘zbekiston viloyatlari vakillarining tashriflarini hamda Rossiyaning sakkiz hududi vakillarining javob tashriflarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Rossiya eksport markazining Toshkentdagi vakolatxonasi shu oyda ochilishi mumkin

"Shu bilan birga O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolarga tashriflarni amalga oshirishga bag‘ishlangan ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha ish olib borish va Tataristonda O‘zbekiston Respublikasi kunlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan", — dedi elchi.

Ashrafxonov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-5 aprel kunlari Rossiyaga qilgan davlat tashrifi yakunida ikki tomonlama 50 dan ziyod shartnoma va boshqa hujjatlar imzolangani, savdo-iqtisodiy kelishuvlarning umumiy hajmi 16 milliard dollardan oshganligini eslatib o‘tdi. Erishilgan kelishuvlarning izchillik bilan amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida hamkorlikning barcha sohasini qamrab oluvchi tegishli "Yo‘l xaritalari" ishlab chiqildi.

"Hozirgi paytda ularda ko‘zda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq ravishda amalga oshirish ishlari davom etmoqda", — dedi elchi

Ashrafxonovning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollariga yetib, 2016-yildagiga nisbatan 20 foiz o‘sishga erishildi. Bundan tashqari, 11 soha loyihalari bo‘yicha Rossiyadan jalb qilingan sarmoyalar hajmi 1,63 milliard dollarni tashkil etdi. Shuningdek, jami 139 ta ikki tomonlama tashrif va tadbirlar amalga oshirildi.