O‘zbekistonda bolalarni bog‘chaga qabul qilish tartibi o‘zgardi

Murojaat etuvchi farzandini bog‘chaga joylashtirish uchun ilgari 5 turdagi hujjatlarni taqdim qilgan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra faqat anketa to‘ldirish talab etiladi. Bundan tashqari, ilgari bu masaladagi murojaatlar 10 kunda ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, bu muddat endi bir ish kuni etib belgilandi qisqartirildi
Sputnik

TOShKENT, 3-may — Sputnik. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi qarori bilan Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

"Mazkur hujjat bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish sohasidagi muammolardan kelib chiqib qabul qilindi va o‘z navbatida xalqimiz uchun mazkur sohada yengiliklarni yaratdi", deya ma’lum qiladi Adliya Vazirligi.

Bog‘cha puli to‘lovlarida kimlar imtiyozga egaligi ma’lum qilindi
Jumladan, ilgari bolalarni bog‘chaga qabul qilish bo‘yicha murojaatlar faqat fuqaroning o‘zi kelgan holda haftaning seshanba va juma kunlari qabul qilingan bo‘lsa, yangi tartibga asosan fuqaro bu masaladagi murojaatlarini davlat xizmatlari markaziga haftaning xohlagan ish kuni o‘zi borgan holda topshirishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali har kuni, shuningdek onlayn rejimda topshirish imkoniga ega bo‘ldi.

Shuningdek, endi har bir ota-ona bog‘chalarning rasmiy veb-sayti orqali bog‘chaning sig‘imi va mavjud bo‘sh o‘rinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, anketalar ro‘yxati hamda navbatga kiritilganlar to‘g‘risida ma’lumotlar bilan doimiy tarzda tanishib borishi mumkin. Bu yangiliklar doimiy tarzda yangilab boriladi.

Shu bilan birga, murojaat etuvchi farzandini bog‘chaga joylashtirish uchun ilgari 5 turdagi hujjatlarni taqdim qilgan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra faqat anketa to‘ldirish talab etiladi. Bundan tashqari, ilgari bu masaladagi murojaatlar 10 kunda ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, bu muddat endi bir ish kuni etib belgilandi qisqartirildi.

Toshkentda bog‘cha bolalari uchun media materiallar tayyorlaydigan markaz paydo bo‘ladi
Bundan tashqari, davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul komissiyasi arizani ko‘rib chiqish natijasida yo‘llanma berish, arizani navbatga qo‘yish va arizachiga bo‘sh joy mavjud bo‘lgan boshqa muassasani taklif qilish to‘g‘risidagi qarorlardan birini qabul qilish tartibi bekor bo‘lib, endilikda maktabgacha ta’lim bo‘limi anketaga asosan yo‘llanma rasmiylashtiradi yoki uni navbatga qo‘yadi.

Nogiron bo‘lgan shaxslarning, uch nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning, harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining, talabalar va pedagoglarning bolalari, yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan hamda boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar, shuningdek akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar anketalari imtiyozli ro‘yhatga kiritildi.