TOShKENT, 2-may — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 2018-yil 2-may kuni Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Madaniyat saroyida "Chingiz Aytmatov — jahon adabiyotining buyuk namoyandasi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
ToshDShI rektori professor Abdurahim Mannonov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Professor o‘z nutqi avvalida joriy yil aprel oyida buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida O‘zbekiston prezidentining alohida qarori qabul qilinganligini ta’kidlab o‘tdi.
"Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi", deb qayd etgan O‘zbekiston prezidenti ushbu qarorda.
Davra suhbatida O‘zMU qoshidagi Chingiz Aytmatov nomidagi markaz rahbari Ahmadjon Meliboyev "Chingiz Aytmatov ijodiy merosini o‘rganish" mavzusida nutq so‘zladi. O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘ofurov Chingiz Aytmatov mahorati, uning koinot ko‘lamidagi yozuvchiligi to‘g‘risida qiziqarli fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Jurnalist, mahoratli tarjimon To‘lanboy Qurbonov — Chingiz Aytmatovning diplomat va jamoat arbobi sifatida qirralari haqida so‘zlab berdi.
Tadbirda Chingiz Aytmatov Markaziy Osiyoning tinchligi va barqarorligi, porloq kelajagi, xalqlar o‘rtasida mustahkam do‘stlikning qaror topishi yo‘lida ko‘p qirrali mardona faoliyat olib borganligi e’tirof etildi.
Shuningdek, o‘tgan asrning 80-yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan "o‘zbek ishi", "paxta ishi" kabi nohaq siyosiy kampaniyalar chog‘ida Chingiz Aytmatovning adolat va haqiqat kuychisi sifatida o‘zbek xalqi sha’nini katta minbarlardan turib mardona himoya qilgani yodga olindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rahbari ko‘rsatmasi bilan yil davomida "Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston" nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish, Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish, yozuvchi asarlari asosida yangi spektakl sahnalashtirish va badiiy film suratga olish, adib xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga Chingiz Aytmatov nomini berish, Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-maktabda adib bustini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
2018 yil dekabr oyining ikkinchi o‘n kunligida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli adib xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.