Mirziyoyev Erdo‘g‘onga: O‘zbekistonning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq

"Biz Turkiya Respublikasiga ulkan siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyatga ega bo‘lgan, xalqaro maydonda obro‘-e’tibori tobora ortib borayotgan yirik davlat sifatida qaraymiz. Ota yurtingiz - O‘zbekistonning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq", dedi Mirziyoyev
Sputnik

TOShKENT, 1-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ko‘k-saroyda bo‘lib o‘tgan OAV vakillari ishtirokidagi brifingda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Strategik sheriklik oliy kengashi tuziladi, deya ma’lum qildi.

"Muzokaralar xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik an’analariga mos holda, ochiq, sermazmun va samarali bo‘ldi. Hamkorligimizning bugungi holati xolisona baholanib, uning ustuvor yo‘nalishlari va istiqboldagi vazifalari aniq belgilab olindi. Ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik sheriklik oliy kengashi tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi", dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida 20 dan ortiq hujjat imzolandi
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha tomonlarning yondashuvlari o‘xshash va mushtarak ekani ta’kidlandi.

"Biz Turkiya Respublikasiga ulkan siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyatga ega bo‘lgan, xalqaro maydonda obro‘-e’tibori tobora ortib borayotgan yirik davlat sifatida qaraymiz. Ota yurtingiz — O‘zbekistonning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq", dedi Mirziyoyev.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdog‘on muzokaralar o‘zaro anglashuv, manfaatdorlik va ishonch asosida o‘tganini, Turkiya va O‘zbekiston hamkorligi yanada mustahkamlanib, strategik darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi. Ko‘lami va ahamiyati katta bo‘lgan kelishuvlarga erishilganidan, ertaga Buxorodagi muborak qadamjolarni ziyorat qilajagidan baxtiyor ekanini bildirdi.