Shvetsiya prokuraturasi Oqilovni bir umrga qamashni so‘radi

Rahmat Oqilov ID tarafida jang qilish uchun Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan
Sputnik

TOShKENT, 26 apr – Sputnik. Shvetsiya prokuraturasi o‘tgan yilning aprelida Stokgolmda terakt amalga oshirib besh kishining hayotiga zomin bo‘lishda ayblanayotgan Rahmat Oqilovni bir umrga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi, deb xabar berdi RIA Novosti.

"Bir umrga ozodlikdan mahrum qilishdan boshqa jazo istisno etiladi. Oqilov jamoat xavfsizligi uchun tahdid tug‘diradi va hozirgi qarashlarida qolsa kelgusida ham shundayligicha qoladi", — dedi prokuror Xans Irman suddagi yakunlovchi so‘zida.

Uning aytishicha, Rahmat Oqilov ID tarafida jang qilish uchun Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan.

Oqilov Stokgolmdagi teraktni ID amiri buyrug‘i bilan amalga oshirganini aytdi

"Bu rejasi amalga oshmagan. Buning o‘rniga u o‘zi yashayotgan joyda qo‘rquv uyg‘otish haqidagi chaqiriqlarga amal qilgan. Oqilov uchun Shvetsiya IDga qarshi kurashda NATOni qo‘llab-quvvatlayotgan joy bo‘lgan", — dedi prokuror.

Prokuror o‘z chiqishida bir umrlik qamoq jazosi o‘tab bo‘linganidan so‘ng ayblanuvchini Shvetsiyaga bir umrga kiritmaslik sharti bilan mamlakatdan chiqarib yuborish kerakligini aytdi.

Prokuraturaning RIA Novostiga ma’lum qilishicha, Shvetsiyada bir umrga ozodlikdan mahrum qilish jazosi kamida 18-yil bo‘lib, ushbu muddat tugaganidan so‘ng mahkum suddan jazoni o‘zgartirish yoki qamoq muddatini kamaytirishni so‘rashi mumkin.

Terakt ishi bo‘yicha sud 13-fevralda boshlangan va 2-mayda tugaydi. Bugun va ikkinchi may kunlari ayblovchi va oqlovchi tomonlarning chiqishlari rejalashtirilgan. Hukm iyunning ikkinchi yarmida o‘qilishi kutilmoqda.

2017 yil 7-aprelda Stokgolmdagi Drottninggatan ko‘chasida yuk mashinasi odamlar ustiga qarab harakatlangan. Oqibatda besh kishi halok bo‘lgan, 15 kishi jarohatlangan. Ushbu jinoyatni sodir etishda o‘zbekistonlik 40 yoshli Rahmat Oqilov asosiy gumondor hisoblanadi.

Oqilov qo‘lga olinishi bilanoq terakt sodir etganligini tan olgan va tergov bilan hamkorlik qilgan.