Lola Karimova Islom Karimov fondi ta’sis etgan grant g‘oliblarini e’lon qildi

Hozirda chet el oliy o‘quv yurtlarida tanlov g‘oliblari mutaxassisliklariga mos bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarini tanlash jarayoni ketmoqda
Sputnik

TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Lola Karimova Islom Karimov nomidagi Fond ta’sis etgan xorijda tahsil grantlarining navbatdagi g‘oliblari nomlarini e’lon qildi. Endi g‘oliblar magistratura dasturi bo‘yicha chet el oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Tanlov o‘tgan yil oktabrda e’lon qilingan bo‘lib, unda O‘zbekistondagi 39 ta oliy o‘quv yurtining 320 nafardan ortiq bitiruvchisi ishtirok etdi.

G‘oliblarning 3 nafari Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bitiruvchilari, 1 nafari Toshkent shahridagi I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali bitiruvchisi).

G‘oliblar orasida O‘zbekiston Milliy universiteti bitiruvchisi, Farg‘ona davlat universiteti bitiruvchisi, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchisi, Toshkent Arxitektura-qurilish instituti bitiruvchisi, Milliy rassomlik va dizayn instituti bitiruvchisi, Toshkent Arxitektura-qurilish instituti bitiruvchisi hamda Milliy rassomlik va dizayn instituti bitiruvchilari sanab o‘tilgan.

Lola Karimova otasining yubileyi munosabati bilan o‘ziga xos tanlov e’lon qildi
Tanlov qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kimyo, suv va yer resurslarini boshqarish, mashinasozlik texnologiyalari, oziq-ovqat texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi, mahsulot ishlab chiqarish va marketing, arxitektura, shaharsozlik, tarixiy obidalarni muhofaza etish va qayta tiklash, dizayn, mahsulot dizayni, sanoat va me’morchilik dizayni, rassomlik kabi 13 ta mutaxassislik bo‘yicha o‘tkazilgan.

Hozirda chet el oliy o‘quv yurtlarida tanlov g‘oliblari mutaxassisliklariga mos bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarini tanlash jarayoni ketmoqda.

"Islom Karimov Fondi nomidan ikkinchi grant tanlovining barcha g‘oliblarini samimiy tabriklayman va o‘qishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman. Ular chet elning peshqadam oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olib, kelajakda o‘z bilimi va iqtidori bilan Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishlariga tilakdoshman", — degan Karimova.

Islom Karimov nomidagi Fond 2016-yil oktabrda Tatyana Karimova va Lola Karimova-Tillyayeva tomonidan O‘zbekiston mustaqilligi asoschisi va birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil etilgan. Yurtimiz va xorijdagi peshqadam universitetlarda tahsil uchun iqtidorli yoshlarga grantlar ajratish Fond faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

2017 yili Fondning ta’lim grantlari sohasidagi ilk loyihasi doirasida 12 nafar stipendiat Angalt amaliy fanlar universiteti, Duysburg, Essen, Rur va Frayburg universitetlari (Germaniya), Moskva me’morchilik maktabi hamda Turin politexnika universiteti (Italiya) kabi nufuzli chet el oliy o‘quv yurtlarida ikki yil davomida tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi.