O‘zbekistonda milliy ID-kartalar tizimi noyabr oyida joriy etiladi

Prezident Toshkentda 1-noyabrgacha budjetdan tashqari mablag‘ hisobiga ID-kartalar tizimi sinov loyihasini joriy etish to‘g‘risida topshiriq berdi.
Sputnik

TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Milliy ID-kartalar tizimi 1-noyabrda joriy etiladi. Dastlabki sinov rejimi Toshkentda boshlanadi. 

Bu O‘zbekiston Prezidentining "Investitsion loyihalarni amalga oshirish va idoraviy axborot tizimlari jadal integratsiyalashuvining tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Dastlab O‘zbekistonda milliy ID-kartalarni joriy etish iyul oyida boshlanishi ko‘zda tutilgandi. Biroq, Ichki ishlar vazirligi va tegishli vazirlik va idoralarning taklifi bo‘yicha ushbu jarayonni bosqichma-bosqich amalga oshirishga qaror qilindi.

IIV aholidan nobiometrik pasportlarni 1-iyulgacha almashtirishni so‘ramoqda

Hujjatga ko‘ra, hozir amalda bo‘lgan pasportlar, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar va shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar (respublika ichida), haydovchilik guvohnomalari bundan mustasno, o‘rniga identifikatsiya kartalari (ID-kartalar) tizimi joriy qilinadi. Ularga har bir fuqaroning yagona identifikatsiya raqami, uning shaxsiy ma’lumotlari kiritiladi va davlat xizmatlarini olishda shaxsni aniqlash uchun foydalaniladi.

Prezident Toshkentda 1-noyabrgacha budjetdan tashqari mablag‘ hisobiga ID-kartalar tizimini sinov loyihasini joriy etish to‘g‘risida topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab chiqish stikerlarini bekor qilish va xorijga chiqish pasportini joriy qilish haqidagi qarorni imzolagandi. Stikerlar tizimi 1995-yildan beri amal qiladi. 

Bundan avval amaldagi biometrik pasportlar respublika hududida foydalanish, chet elga chiqish uchun esa xorijiy pasportlarni tatbiq etish etish rejalashtirilgandi.

O‘z navbatida ko‘plab ekspertlar va mutaxassislar ikkinchi pasport o‘rniga ID-kartalar joriy etish bo‘yicha takliflarni bildirishdi. 2011-yil oktabr oyida O‘zbekistonda 1994-yilda kiritilgan pasportlarni yangi biometrik pasportlarga almashtirishga kirishilgandi.

2014 yil 1-iyuldan hukumat qaroriga ko‘ra O‘zbekiston fuqarolari xorijga faqat biometrik pasportlar bilan chiqishmoqda. Almashtirish muddati — 2018-yil 1-iyulgacha.