O‘zbekiston Mongoliyaga meva-sabzavot va avtomobillar yetkazib beradi

"O‘zagroeskport" va "Nomin Xolding" kompaniyalari o‘rtasida 10 million dollarlik shartnomalar imzolandi
Sputnik

TOShKENT, 19 apr — Sputnik. O‘zbekiston Mongoliyaga avtomobil va meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib beradi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.

O‘zbekistonning qarorgohi Pekinda joylashgan Mongoliyadagi elchixonasi tashabbusi bilan qator shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

Mongoliyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli "Do‘stlik" medali bilan taqdirlandi

Xabar qilinishicha, O‘zbekistonning Mongoliyadagi elchisi Baxtiyor Saidovning ushbu mamlakat hukumati vakillari bilan uchrashuvida hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Uchrashuvda Mongoliyaning yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etgan. Muzokaralar natijasida Mongoliyaning "Nomin Xolding" kompaniyasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida delegatsiya O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi sanoat korxonalarida bo‘ldi. "O‘zavtosanoat" kompaniyasi rahbari Umid Salimov bilan uchrashuvda Mongoliyaga o‘zbek avtomobillarini yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolandi.

Bundan tashqari, "O‘zbekoziqovqatxolding" vakillari bilan uchrashuvda Mongoliya delegatsiyasiga O‘zbekistonning biologik sof mahsulotlari namoyish etildi. Yakunda "O‘zagroeskport" va "Nomin Xolding" kompaniyalari o‘rtasida Mongoliyaga 10 million dollarlik quritilgan meva va sarxil meva-sabazvotlar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.