O‘zbekistonda imomlarga davlat tomonidan bepul uy-joylar beriladi

Yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan uy-joylar sotib olinib, ko‘p yillar davomida namunali faoliyat yuritayotgan, uy-joyga muhtoj imom-xatiblarga tekinga beriladi
Sputnik

TOShKENT, 19 apr — Sputnik. O‘zbekistonda imomlar bepul uy-joylar bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.

Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 16-aprel kuni imzolangan "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonida aytib o‘tilgan.

O‘zbekistonda xalqaro islom akademiyasi va diniy telekanal tashkil qilinadi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida "Vaqf" xayriya jamoat fondi tashkil etiladi.

Fond mablag‘lari hisobidan ushbu idora tizimidagi diniy-ma’rifiy tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarga, shu jumladan imom-xatiblarga oylik ish haqi to‘lanadi, faoliyat yuritayotgan uy-joyga muhtoj xodimlar xizmat uy-joylari bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, fond mablag‘lariga yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan uy-joylar sotib olinib, ko‘p yillar davomida namunali faoliyat yuritayotgan, uy-joyga muhtoj imom-xatiblarga tekinga beriladi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyurtmasiga asosan idora tizimidagi diniy-ma’rifiy tashkilotlar xodimlariga xizmat uy-joylari va ularga sotib olib berish uchun yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan uy-joylarning ajratilishini ta’minlaydi.