Prezident ertaga Buxoro va Navoiy viloyatlariga tashrif buyuradi

Shavkat Mirziyoyev Buxoroda "O‘zbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasi bilan Rossiyaning "Lukoyl" kompaniyasi hamkorligida qurilgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ochilish marosimida ishtirok etadi
Sputnik

TOShKENT, 18 apr – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-aprel kuni Buxoro va Navoiy viloyatlariga tashrif buyuradi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.

"Davlatimiz rahbari Buxoroda "O‘zbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasi bilan Rossiyaning "Lukoyl" kompaniyasi hamkorligida qurilgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ochilish marosimida ishtirok etadi", — deyiladi xabarda.

Aprelda Qandim gaz majmuasining ikkinchi navbati ishga tushiriladi

Shuningdek, Allamjonovning ma’lum qilishicha, "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyati tomonidan jahon bozorida xaridorgir kimyo mahsulotlari ishlab chiqaradigan uchta zavod barpo etilmoqda. Prezident Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu zavodlar qurilishining borishi bilan tanishadi.

Eslatib o‘tamiz, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi "Lukoyl" gaz qazib olish bo‘yicha "O‘zbekneftgaz" AJ bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan "Qandim-Xauzak-Shodi-Qo‘ng‘irot" loyihasining asosiy qismlaridan biri hisoblanadi. Loyiha bo‘yicha mahsulotlar taqsimoti to‘g‘risidagi kelishuv 2004-yilda imzolangan edi. Xauzak-Shodi uchastkasida gaz qazib olish ishlari 2007-yilda boshlangan bo‘lsa, G‘arbiy Shodi uchastkasida — 2011-yildan yo‘lga qo‘yildi.

Kelishuvni amalga oshirishning navbatdagi bosqichi Qandim konlar guruhini o‘zlashtirishdan iborat. Uskunalarni yetkazish, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi va konni jihozlash bo‘yicha shartnoma 2015-yil fevralida imzolangan.

Qandim konlari guruhi 6 ta gaz kondensati konlaridan iborat. Bular Qandim, Quvachi-Olot, Oqqum, Parsanko‘l, Xoji va G‘arbiy Xoji konlaridir.